Bosh sahifa

RAGʻBATLANTIRUVCHI AKSIYANI OʻTKAZISH QOIDALARI

Toshkent sh. 2026-yil 6-oktabrdagi 1-son tahrir

1. UMUMIY QOIDALAR

1.1. Mazkur «Rose Garden paketiga maxsus narx» ragʻbatlantiruvchi aksiyasini oʻtkazish qoidalari (bundan buyon matnda – «Qoidalar») aksiyada (bundan buyon matnda – «Aksiya») ishtirok etish shartlarini, qurʼa oʻtkazish tartibini, ziyorat paketini aksiya narxida xarid qilish huquqini olish va mustahkamlash tartibini, shuningdek Tashkilotchi va Ishtirokchilarning huquq va majburiyatlarini belgilaydi.

1.2. Aksiya Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 7-iyundagi OʻRQ-776-son «Reklama toʻgʻrisida»gi Qonuni 5 va 21-moddalari maʼnosidagi ragʻbatlantiruvchi aksiya hisoblanadi va reklama maqsadlarida – Tashkilotchining ziyorat paketlariga eʼtiborni jalb qilish va ularning sotuvini oshirish uchun oʻtkaziladi.

1.3. Aksiya lotereya, qimor yoki tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyin hisoblanmaydi. «Reklama toʻgʻrisida»gi Qonun 21-moddasining beshinchi qismiga muvofiq Aksiya doirasidagi qurʼa lotereya hisoblanmaydi, chunki:

Aksiyada ishtirok etish uchun hech qanday toʻlov undirilmaydi; sovrin fondi va Aksiyani oʻtkazish xarajatlari Ishtirokchilarning badallari, chiptalar yoki boshqa nominal birliklarni sotish hisobidan emas, balki faqat Tashkilotchi mablagʻlari hisobidan shakllantiriladi;

Ishtirokchi faqat xarid qilinayotgan ziyorat paketining narxini toʻlaydi, bu narx Aksiya oʻtkazilishi munosabati bilan oshirilmaydi;

Aksiyada ishtirok etish faqat reklama xususiyatiga ega boʻlib, Tashkilotchining ziyorat paketlari sotuvini oshirishga qaratilgan.

1.4. Qoidalar Aksiya boshlanishidan oldin Saytda erkin foydalanish uchun joylashtiriladi va Aksiya tugaganidan keyin kamida olti oy davomida ochiq qoladi («Reklama toʻgʻrisida»gi Qonun 21-moddasining birinchi va uchinchi qismlari).

1.5. Qoidalar Saytda joylashtirilgan «Umra» ziyoratini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish shartnomasini tuzish toʻgʻrisidagi ommaviy ofertaning (bundan buyon matnda – «Oferta») ajralmas qismi hisoblanadi. Qoidalar bilan tartibga solinmagan munosabatlar Oferta va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi. Aksiya narxi va uni qoʻllash tartibi, shuningdek Aksiyada ishtirok etayotgan Bronlar boʻyicha toʻlov va pul mablagʻlarini qaytarish tartibi qismida Qoidalar Ofertadan ustun turadi.

1.6. Aksiya narxi – ziyorat paketining maxsus narxi boʻlib, unga boʻlgan huquqni ayrim Ishtirokchilar tasodifiy qurʼa natijalariga koʻra oladi. Aksiya narxini olish kafolatlanmaydi: Bronni rasmiylashtirish va uning toʻlovini amalga oshirish faqat qurʼada ishtirok etish imkoniyatini beradi.

2. ATAMALAR VA TAʼRIFLAR

Qoidalarda quyidagi atamalar qoʻllaniladi:

Tashkilotchi – «CENTRUM HOLIDAYS» masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona («CENTRUM HOLIDAYS» XK MChJ). Tashkilotchi bir vaqtning oʻzida Aksiyaning reklama beruvchisi hisoblanadi.

Sayt – https://umra.centrum-air.com veb-sayti, shu jumladan paketlarni tanlash va bron qilish sahifalari.

Paket – Qoidalarning 5.2-bandi shartlariga javob beradigan «Standart» turidagi «Rose Garden» ziyorat paketi.

Bron – Saytda rasmiylashtirilgan Paket buyurtmasi.

Ishtirokchi – Ishtirok davrida Saytda Bronni rasmiylashtirayotgan va bron qilish shaklida mobil telefon raqamini koʻrsatayotgan jismoniy shaxs.

Ziyoratchi – foydasiga Bron rasmiylashtirilayotgan shaxs, shu jumladan Ishtirokchining oʻzi.

Telefon raqami – Ishtirokchi tomonidan bron qilish shaklida koʻrsatilgan mobil telefon raqami. Telefon raqami Aksiyada Ishtirokchining identifikatori hisoblanadi.

Qurʼa – Aksiyada ishtirok etish natijasini Qoidalarning 6-boʻlimida belgilangan tartibda Saytning dasturiy vositalari orqali avtomatik tarzda aniqlash.

Yutuq – Qurʼaning Qoidalarning 6.5-bandiga muvofiq bir yoki ikki nafar Ziyoratchi uchun Paketni Aksiya narxida xarid qilish huquqini beruvchi natijasi.

Aksiya narxi – Qoidalarning 4.3-bandiga muvofiq aniqlanadigan bir nafar Ziyoratchi uchun Paket narxi.

Odatiy narx – Saytda Aksiyani hisobga olmagan holda koʻrsatiladigan Paket narxi.

Aksiya oʻrni – bir nafar Ziyoratchi uchun Paketni Aksiya narxida xarid qilish huquqi.

Limit – Qoidalarning 4.1-bandida belgilangan Aksiya oʻrinlarining umumiy soni.

Toʻlov muddati – Qoidalarning 7.2-bandida belgilangan muddat.

MB kursi – Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan AQSH dollarining soʻmga nisbatan rasmiy kursi.

3. AKSIYA TASHKILOTCHISI, OʻTKAZILISH JOYI VA MUDDATLARI

3.1. Tashkilotchi «Umra» safarlarini tashkil etish faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan 2026-yil 2-iyulda berilgan UT № 0023-son litsenziya asosida amalga oshiradi. Tashkilotchining rekvizitlari va aloqa maʼlumotlari Qoidalarning 16-boʻlimida koʻrsatilgan.

3.2. Aksiya faqat Saytda Bron onlayn rasmiylashtirilganda oʻtkaziladi. Tashkilotchining ofislarida, call-markaz orqali yoki boshqa usullarda rasmiylashtirilgan Bronlar Aksiyada ishtirok etmaydi.

3.3. Aksiyada ishtirok etish davri (bundan buyon matnda – «Ishtirok davri»): Qoidalar Saytda joylashtirilgan paytdan boshlab 2026-yil 30-noyabrgacha (shu kun ham kiradi, Toshkent vaqti bilan soat 23:59 gacha).

3.4. Aksiya faqat uchib ketish sanasi 2026-yil 1-dekabrdan kechikmagan (shu kun ham kiradi) Paketlarga nisbatan amal qiladi.

3.5. Agar barcha Aksiya oʻrinlari Qoidalarning 7.4 va 7.5-bandlarida belgilangan tartibda Ziyoratchilar uchun mustahkamlangan boʻlsa, Aksiya muddatidan oldin yakunlanadi. Bu haqda Tashkilotchi Saytda xabar joylashtiradi. Barcha oʻrinlar uzil-kesil mustahkamlanmaguncha muddatida toʻlanmagan Aksiya oʻrinlari Limitga qaytariladi (Qoidalarning 7.9-bandi).

3.6. Qoidalar boʻyicha barcha muddatlar Saytning axborot tizimi maʼlumotlari asosida Toshkent vaqti (UTC+5) boʻyicha hisoblanadi.

4. AKSIYANING SOVRIN FONDI

4.1. Aksiyaning sovrin fondi 20 (yigirma) ta Aksiya oʻrnidan iborat. Limit butun Ishtirok davri uchun yagona boʻlib, sanalar, reyslar yoki oylar boʻyicha taqsimlanmaydi.

4.2. Bitta Aksiya oʻrni bir nafar Ziyoratchi uchun Paketni Aksiya narxida xarid qilish huquqini beradi.

4.3. Aksiya narxi – bir nafar Ziyoratchi uchun tegishli toʻlov sanasidagi MB kursi boʻyicha 850 (sakkiz yuz ellik) AQSH dollariga ekvivalent boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasidagi (soʻmdagi) summa. Barcha hisob-kitoblar soʻmda amalga oshiriladi; AQSH dollari faqat hisob-kitob birligi sifatida qoʻllaniladi.

4.4. Aksiya narxidagi Paketga kiruvchi xizmatlar tarkibi Odatiy narxdagi Paket tarkibidan farq qilmaydi va Saytdagi Paket sahifasida koʻrsatilgan. Paketga kirmaydigan qoʻshimcha xizmatlar alohida toʻlanadi.

4.5. Aksiya narxiga boʻlgan huquq pul kompensatsiyasi bilan almashtirilmaydi, boshqa Bronda foydalanish uchun berilishi mumkin emas va, agar Tashkilotchi Saytda boshqacha tartibni aniq eʼlon qilmagan boʻlsa, Tashkilotchining boshqa chegirmalari va aksiyalari bilan qoʻshilmaydi.

4.6. Sovrin fondi Tashkilotchining oʻz mablagʻlari hisobidan shakllantiriladi. Tashkilotchi butun Ishtirok davri mobaynida Limit doirasida Aksiya oʻrinlari mavjud boʻlishini taʼminlaydi.

5. ISHTIROKCHILAR VA ISHTIROK ETISH SHARTLARI

5.1. Saytda Bronni rasmiylashtirayotgan muomalaga layoqatli jismoniy shaxs Ishtirokchi boʻlishi mumkin. Barcha Ziyoratchilar 18 yoshga toʻlgan boʻlishi kerak.

5.2. Qurʼa faqat u oʻtkaziladigan paytda quyidagi shartlarning barchasiga bir vaqtda rioya etilgan taqdirda oʻtkaziladi:

a) Aksiya amalda boʻlsa va Bron rasmiylashtirilgan sana Ishtirok davriga toʻgʻri kelsa;

b) Saytda Aksiyada ishtirok etuvchi paketlar roʻyxatiga kiritilgan «Standart» turidagi «Rose Garden» paketi bron qilinayotgan boʻlsa;

v) uchib ketish sanasi 2026-yil 1-dekabrdan kechikmasa;

g) Telefon raqami ilgari Qurʼada ishtirok etmagan boʻlsa;

d) Limitda ushbu Bron uchun yetarli miqdorda boʻsh Aksiya oʻrinlari mavjud boʻlsa (Qoidalarning 6.5 va 6.6-bandlari);

e) Ishtirokchi Qoidalarning 12-boʻlimida belgilangan tartibda Qoidalar bilan tanishganligini va ularga roziligini tasdiqlagan boʻlsa.

5.3. Agar Qoidalarning 5.2-bandida koʻrsatilgan shartlardan kamida bittasiga rioya etilmasa, Qurʼa oʻtkazilmaydi va Bron Odatiy narxda rasmiylashtiriladi. Bunday urinish hisobga olinmaydi: Telefon raqami barcha shartlarga javob beradigan boshqa Bronni rasmiylashtirishda Qurʼada ishtirok etish huquqini saqlab qoladi.

5.4. Aksiyada ishtirok etish bepul. Tashkilotchi Qurʼada ishtirok etganlik uchun Ishtirokchidan hech qanday toʻlov undirmaydi.

5.5. Ishtirokchi oʻzi koʻrsatgan Telefon raqami unga tegishli ekanligini yoki undan qonuniy foydalanayotganligini, Ziyoratchilar haqidagi maʼlumotlar esa ishonchli ekanligini va ularning roziligi bilan taqdim etilganligini kafolatlaydi.

5.6. Ishtirok davrida Saytda rasmiylashtiriladigan Paket Bronlari uchun Bron qiymatining 30 foizi miqdorida oldindan toʻlov kiritishga faqat uchib ketish sanasigacha 14 (oʻn toʻrt) kalendar kun va undan koʻproq qolgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi. Agar uchib ketish sanasigacha 14 (oʻn toʻrt) kalendar kundan kam qolgan boʻlsa, Bron qiymati u rasmiylashtirilayotganda 100 foiz miqdorida toʻlanadi.

6. QURʼA OʻTKAZISH TARTIBI

6.1. Qurʼa Bron boʻyicha Sayt orqali kiritilgan birinchi toʻlov (Qoidalarning 5.6-bandiga muvofiq 30 foizlik oldindan toʻlov yoki toʻliq toʻlov) toʻlov tizimi tomonidan tasdiqlanganidan soʻng darhol Saytning dasturiy vositalari orqali avtomatik ravishda oʻtkaziladi. Qurʼa bu paytdan oldin ham, keyin ham oʻtkazilmaydi. Bron rasmiylashtiriladi va birinchi toʻlov Odatiy narx boʻyicha kiritiladi.

6.2. Qurʼa natijasi tasodifiy tarzda aniqlanadi. Yutuq ehtimoli butun Ishtirok davri mobaynida har bir Qurʼa uchun bir xil boʻlib, Ishtirokchining shaxsiga, Bron tarkibiga, uni rasmiylashtirish vaqtiga yoki boshqa holatlarga bogʻliq emas. Tashkilotchi xodimlari Qurʼa natijasiga taʼsir oʻtkaza olmaydi. Tashkilotchi Yutuqni kafolatlamaydi va biror davrda muayyan miqdordagi gʻolib Ishtirokchilarni vaʼda qilmaydi.

6.3. Yutuq chiqqanda Sayt tegishli Ziyoratchi (Ziyoratchilar) uchun Aksiya narxini va uni hisobga olgan holda qayta hisoblangan Bron qiymatini koʻrsatadi. Agar Yutuq chiqmasa, Bron Odatiy narxda saqlanib qoladi; Qurʼa natijasi toʻgʻrisida alohida xabar koʻrsatilmasligi mumkin. Har qanday Ishtirokchi oʻz Qurʼasi natijasi toʻgʻrisidagi maʼlumotni Qoidalarning 13-boʻlimida belgilangan tartibda Tashkilotchidan soʻrashga haqli.

6.4. Bitta Telefon raqamidan Qurʼa butun Ishtirok davri mobaynida faqat bir marta oʻtkaziladi. Aynan shu Telefon raqami bilan Bronni qayta rasmiylashtirish, familiya, ism, elektron pochta manzili yoki Ziyoratchilar tarkibini oʻzgartirish yangi Qurʼa huquqini bermaydi. Yutuq Telefon raqamiga biriktiriladi: Ishtirokchi Brondan voz kechgan taqdirda Yutuq Qoidalarning 7.8-bandida belgilangan tartibda Yutuq chiqqan paytdan boshlab 24 (yigirma toʻrt) soat davomida Telefon raqami uchun saqlanib qoladi.

6.5. Bitta Bronda Aksiya narxi berilishi mumkin boʻlgan Ziyoratchilar soni:

1–5 nafar Ziyoratchiga moʻljallangan Bronda – koʻpi bilan 1 (bir) nafar Ziyoratchi; Limitdan 1 ta Aksiya oʻrni foydalaniladi;

6 va undan ortiq Ziyoratchiga moʻljallangan Bronda – koʻpi bilan 2 (ikki) nafar Ziyoratchi; Limitdan 2 ta Aksiya oʻrni foydalaniladi.

Bronning qolgan Ziyoratchilari Odatiy narxni toʻlaydi. Aksiya narxi bron qilish shaklida birinchi boʻlib koʻrsatilgan Ziyoratchiga (birinchi boʻlib koʻrsatilgan ikki nafar Ziyoratchiga) nisbatan qoʻllaniladi.

6.6. Aksiya oʻrinlari boʻlinmaydi. Agar Limitdagi boʻsh Aksiya oʻrinlari Qoidalarning 6.5-bandiga koʻra Bron uchun talab qilinganidan kam boʻlsa, Qurʼa oʻtkazilmaydi, urinish esa hisobga olinmaydi (Qoidalarning 5.3-bandi).

6.7. Bir vaqtning oʻzida bir nechta Bron rasmiylashtirilganda Qurʼalar soʻrovlarning Sayt axborot tizimiga kelib tushish tartibida ketma-ket oʻtkaziladi, boʻsh Aksiya oʻrinlari soni esa har bir Qurʼa oʻtkazilgan paytdagi holatga koʻra aniqlanadi. Bitta Aksiya oʻrni bir vaqtning oʻzida ikki Ishtirokchiga berilishi mumkin emas.

7. YUTUQNI MUSTAHKAMLASH VA TOʻLOV

7.1. Yutuq chiqqan paytdan boshlab tegishli miqdordagi Aksiya oʻrinlari Ishtirokchi uchun vaqtincha band qilib turiladi, Bron qiymati esa Aksiya narxini hisobga olgan holda qayta hisoblanadi.

7.2. Agar Yutuq chiqqan paytda Bron qisman toʻlangan boʻlsa, Ishtirokchi Aksiya narxini hisobga olgan holda qayta hisoblangan Bron qiymatining qolgan qismini (Odatiy narxdagi Ziyoratchilar qiymatini ham qoʻshgan holda) Yutuq chiqqan paytdan boshlab 24 (yigirma toʻrt) soatdan kechiktirmay toʻlashi shart (bundan buyon matnda – «Toʻlov muddati»). Qoʻshimcha toʻlanadigan summa Saytda Aksiya narxini hisobga olgan holda koʻrsatiladi.

7.3. Toʻlov, agar u Toʻlov muddati doirasida toʻlov tizimi tomonidan tasdiqlangan boʻlsa, Toʻlov muddatida kiritilgan hisoblanadi. Tashkilotchi ofisida toʻlanganda toʻlov Toʻlov muddati doirasida ofisning ish vaqtida kiritilishi kerak.

7.4. Bron Toʻlov muddatida toʻliq toʻlanganidan soʻng Aksiya narxi Ziyoratchi (Ziyoratchilar) uchun uzil-kesil mustahkamlanadi va keyinchalik, shu jumladan MB kursi oʻzgarganda ham oʻzgarmaydi.

7.5. Agar Yutuq chiqqan paytda Bron toʻliq toʻlangan boʻlsa, Aksiya narxi Yutuq chiqqan paytdan boshlab Ziyoratchi (Ziyoratchilar) uchun mustahkamlanadi, Tashkilotchi esa Ishtirokchiga Bron uchun haqiqatda toʻlangan summa bilan Aksiya narxini hisobga olgan holda qayta hisoblangan Bron qiymati oʻrtasidagi farqni (bundan buyon matnda – «Farq») qaytaradi.

7.6. Farq Ishtirokchining Tashkilotchi ofisida topshirilgan yozma arizasi asosida qaytariladi. Ariza Yutuq chiqqan paytdan boshlab 2 (ikki) ish kuni ichida, agar uchib ketish sanasigacha 10 (oʻn) kalendar kundan kam qolgan boʻlsa – uchib ketish sanasidan kechiktirmay topshiriladi. Ushbu muddatning oʻtkazib yuborilishi Ishtirokchini Farqni qaytarish huquqidan mahrum qilmaydi.

7.7. Farq ariza topshirilgan kundan boshlab 10 (oʻn) ish kuni ichida Tashkilotchiga xizmat koʻrsatuvchi bank orqali toʻlov amalga oshirilgan bank kartasiga qaytariladi. Farqni qaytarish uchun bank komissiyasini Tashkilotchi toʻlaydi: Ishtirokchi Farqni toʻliq hajmda oladi. Mablagʻlarning haqiqatda kelib tushish muddatlari banklar va toʻlov tizimlariga bogʻliq.

7.8. Agar Yutuq chiqqan paytdan boshlab 24 (yigirma toʻrt) soat ichida Ishtirokchi Brondan voz kechgan boʻlsa, Yutuq va tegishli Aksiya oʻrinlari ushbu muddat tugaguniga qadar Telefon raqami uchun saqlanib qoladi. Ushbu muddat ichida Ishtirokchi oʻsha Telefon raqamidan Qoidalar 5.2-bandining «a»–«v» kichik bandlari shartlariga javob beradigan yangi Bronni ilgari biriktirilgan Aksiya oʻrinlari soni doirasida Aksiya narxini qoʻllagan holda rasmiylashtirishga haqli. Bunda yangi Qurʼa oʻtkazilmaydi, koʻrsatilgan muddat, shu jumladan Toʻlov muddati uzaytirilmaydi va qaytadan boshlanmaydi. Agar koʻrsatilgan muddatda yangi Bron rasmiylashtirilmasa, Yutuq bekor qilinadi, Aksiya oʻrinlari esa Limitga qaytariladi.

7.9. Agar Bron Toʻlov muddatida toʻliq toʻlanmasa:

a) Yutuq uzil-kesil bekor qilinadi va Telefon raqami Qurʼada qayta ishtirok eta olmaydi;

b) Aksiya oʻrinlari Limitga qaytariladi va boshqa Ishtirokchilarga berilishi mumkin;

v) Bron oʻz kuchini saqlab qoladi, uning qiymati esa Odatiy narx boʻyicha qayta hisoblanadi. Kiritilgan summalar toʻlov hisobiga oʻtkaziladi, qolgan qismi esa Ofertada belgilangan muddatlarda toʻlanadi;

g) Ishtirokchi Ofertada va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda Brondan voz kechishga haqli.

7.10. Ishtirokchi oʻz tashabbusi bilan Aksiyada ishtirok etayotgan Brondan voz kechganda pul mablagʻlari Ishtirokchining yozma arizasi asosida ariza olingan kundan boshlab 10 (oʻn) ish kuni ichida Ofertada nazarda tutilgan ushlab qolishlarni hisobga olgan holda qaytariladi. Qaytariladigan summadan uning 2 (ikki) foizi miqdorida bank komissiyasi ushlab qolinadi. Agar voz kechish Yutuq chiqqan paytdan boshlab 24 (yigirma toʻrt) soat ichida bildirilgan boʻlsa, Yutuq Qoidalarning 7.8-bandida belgilangan tartibda Telefon raqami uchun saqlanib qoladi; boshqa hollarda Yutuq, agar u olingan boʻlsa, bekor qilinadi, Aksiya oʻrinlari Limitga qaytariladi, ushbu Telefon raqami boʻyicha esa qayta Qurʼa oʻtkazilmaydi.

7.11. Bron oʻzgartirilganda Aksiya narxi faqat oʻzgartirilgan Bron Qoidalar 5.2-bandining «b» va «v» kichik bandlari shartlariga avvalgidek javob bergan taqdirdagina saqlanib qoladi. Aks holda Bronga Odatiy narx qoʻllaniladi. Maʼlumotlarni oʻzgartirish va Ziyoratchilarni almashtirish Ofertaning umumiy shartlari asosida amalga oshiriladi.

8. VIJDONAN ISHTIROK ETISH

8.1. Quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi: Bronlarni rasmiylashtirish uchun avtomatlashtirilgan vositalardan (dasturlar, skriptlar) foydalanish; bila turib notoʻgʻri maʼlumotlarni koʻrsatish; uchinchi shaxslarning telefon raqamlaridan ularning roziligisiz foydalanish; Qoidalarni chetlab oʻtib qoʻshimcha Qurʼalar olishga qaratilgan boshqa harakatlar.

8.2. Agar bunday harakatlar Sayt axborot tizimining xolis maʼlumotlari bilan tasdiqlansa, Tashkilotchi Ishtirokchini asoslarini koʻrsatgan holda yozma ravishda xabardor qilib, Bron Aksiya narxi boʻyicha toʻliq toʻlangunga yoki Farq oʻtkazilgunga qadar Yutuqni bekor qilishga haqli. Bunda Qoidalar 7.9-bandining «b»–«g» kichik bandlari qoʻllaniladi.

8.3. Tashkilotchi Yutuq olgan Ishtirokchilar haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qilmaydi. Saytda faqat qolgan Aksiya oʻrinlari soni haqidagi shaxssizlashtirilgan maʼlumot joylashtirilishi mumkin.

9. TARAFLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

9.1. Tashkilotchi quyidagi majburiyatlarni oladi: Aksiyani Qoidalar va qonunchilikka muvofiq oʻtkazish; sovrin fondi mavjud boʻlishini taʼminlash; Aksiya toʻgʻrisidagi axborotda Yutuq ehtimolini oshirib koʻrsatuvchi fikrlarga yoʻl qoʻymaslik; Ishtirokchilarning shaxsga doir maʼlumotlari maxfiyligini taʼminlash; Ishtirokchilarning murojaatlarini Qoidalarning 13-boʻlimida belgilangan muddatlarda koʻrib chiqish.

9.2. Tashkilotchi quyidagilarga haqli: Qoidalarning 14-boʻlimida belgilangan tartibda Qoidalarga oʻzgartirishlar kiritish; Qoidalarning 14.2-bandida nazarda tutilgan hollarda Aksiyani toʻxtatib turish yoki tugatish; Ishtirokchidan Qoidalarga rioya etilishini tekshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni soʻrash.

9.3. Ishtirokchi quyidagilarga haqli: Tashkilotchidan Aksiya va oʻz Qurʼasi natijasi toʻgʻrisida maʼlumot olish; Qoidalarning 12.3-bandida belgilangan tartibda Aksiyada ishtirok etishdan voz kechish; Tashkilotchining harakatlari ustidan Qoidalarning 13-boʻlimida belgilangan tartibda va qonunchilikka muvofiq shikoyat qilish.

9.4. Ishtirokchi quyidagi majburiyatlarni oladi: Qoidalar va Ofertaga rioya qilish; ishonchli maʼlumotlarni koʻrsatish; Toʻlov muddatiga rioya qilish.

10. TEXNIK NOSOZLIKLAR VA JAVOBGARLIK

10.1. Agar texnik nosozlik tufayli Qurʼa oʻtkazilmagan yoki uning natijasi Sayt axborot tizimida qayd etilmagan boʻlsa, Qurʼa oʻtkazilmagan hisoblanadi, Telefon raqami esa Qurʼada ishtirok etish huquqini saqlab qoladi.

10.2. Agar texnik nosozlik natijasida Sayt Aksiya narxini xato koʻrsatgan boʻlsa (shu jumladan Limit tugaganda yoki Qoidalarning 5.2-bandi shartlariga rioya etilmaganda), Tashkilotchi Ishtirokchini zudlik bilan xabardor qilgan holda Bron Aksiya narxi boʻyicha toʻliq toʻlangunga qadar, agar Bron Qurʼadan oldin toʻliq toʻlangan boʻlsa – Farq oʻtkazilgunga qadar xatoni tuzatishga haqli. Bunda Ishtirokchi Brondan voz kechishga haqli; bu holda kiritilgan barcha summalar toʻliq qaytariladi. Agar Ishtirokchi xato aniqlanguniga qadar Bronni Aksiya narxi boʻyicha vijdonan toʻlagan boʻlsa, Aksiya narxi saqlanib qoladi.

10.3. Tashkilotchi Aksiyada ishtirok etish imkoni boʻlmaganligi yoki Toʻlov muddatiga rioya etilmaganligi uchun, agar bu Tashkilotchiga bogʻliq boʻlmagan sabablar – Ishtirokchi qurilmasi yoki internet aloqasining nosozligi, Ishtirokchi tomonidan notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilishi, Sayt bilan bogʻliq boʻlmagan banklar va toʻlov tizimlari ishidagi uzilishlar tufayli yuz bergan boʻlsa, javobgar boʻlmaydi.

10.4. Boshqa hollarda taraflar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi va Ofertaga muvofiq javobgar boʻladi. Qoidalar Ishtirokchining isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan isteʼmolchi sifatidagi huquqlarini cheklamaydi.

11. SHAXSGA DOIR MAʼLUMOTLAR

11.1. Aksiya doirasida ishlov beriladigan shaxsga doir maʼlumotlar bazasining mulkdori va operatori Tashkilotchi hisoblanadi (Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 2-iyuldagi OʻRQ-547-son «Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida»gi Qonuni 4-moddasi, bundan buyon matnda – «Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonun»).

11.2. Aksiya doirasida quyidagi shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov beriladi:

Ishtirokchining mobil telefon raqami;

Ishtirokchi va Ziyoratchilarning familiyasi va ismi, elektron pochta manzili (bron qilish shaklida koʻrsatilgan hajmda);

Bron raqami, tanlangan Paket, uchib ketish sanasi, Ziyoratchilar soni;

Qurʼa sanasi va vaqti, uning natijasi, toʻlov muddatlari va holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

Qurʼani oʻtkazish va uning natijasini tasdiqlash uchun zarur boʻlgan Saytdagi harakatlar toʻgʻrisidagi texnik maʼlumotlar.

Safarni rasmiylashtirish uchun zarur boʻlgan Ziyoratchilarning pasport va boshqa maʼlumotlariga Aksiya maqsadlarida emas, balki Ofertani bajarish maqsadlarida ishlov beriladi.

11.3. Ishlov berish maqsadlari: ishtirok etish shartlariga rioya etilishini tekshirish; Qurʼani oʻtkazish va «bitta telefon raqami – bitta Qurʼa» qoidasini taʼminlash; Aksiya narxini qoʻllash va Toʻlov muddatini nazorat qilish; Aksiya masalalari boʻyicha Ishtirokchi bilan aloqa qilish; murojaatlar va nizolarni koʻrib chiqish.

11.4. Shaxsga doir maʼlumotlar quyidagilarga berilishi mumkin: toʻlov tashkilotlariga – toʻlovlarni amalga oshirish uchun; Tashkilotchiga shartnoma asosida Saytni texnik qoʻllab-quvvatlash va joylashtirish xizmatlarini koʻrsatuvchi shaxslarga – ular maxfiylikka rioya qilgan taqdirda; davlat organlariga – qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda. Shaxsga doir maʼlumotlar Ishtirokchining alohida roziligisiz eʼlon qilinmaydi va reklama xabarlarini yuborish uchun foydalanilmaydi.

11.5. Faqat Aksiya maqsadlarida ishlov beriladigan shaxsga doir maʼlumotlar Ishtirok davri va Aksiya tugaganidan keyin olti oy davomida, nizo mavjud boʻlganda esa u hal etilgunga qadar saqlanadi, shundan soʻng yoʻq qilinadi yoki shaxssizlashtiriladi. Bronni bajarish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar Oferta, Saytning Maxfiylik siyosati va qonunchilikda belgilangan muddatlarda saqlanadi.

11.6. Shaxsga doir maʼlumotlar Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonun talablariga, shu jumladan uning 27¹-moddasiga rioya qilgan holda saqlanadi va ularga ishlov beriladi. Mazkur boʻlim Ishtirokchini uning shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berish maqsadlari toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilish hisoblanadi.

12. QOIDALARGA ROZILIK

12.1. «Bron qilish» tugmasini bosishdan oldin Ishtirokchi bron qilish shaklida Qoidalar bilan tanishganligi va ularga, shu jumladan oʻzining shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berilishiga va Qurʼa natijasi avtomatlashtirilgan tarzda aniqlanishiga roziligi toʻgʻrisida belgi qoʻyadi. Belgi qoʻyilishi Qoidalarning qabul qilinishi va Ishtirokchining elektron shakldagi roziligi hisoblanadi.

12.2. Tashkilotchi belgi qoʻyilgan sana va vaqtni, Ishtirokchi tanishgan Qoidalar tahririni va Qurʼa natijasini qayd etadi. Ushbu maʼlumotlar Ishtirokchi roziligining dalili hisoblanadi.

12.3. Aksiyada ishtirok etishni istamagan Ishtirokchi, agar bron qilish shaklida bunday imkoniyat nazarda tutilgan boʻlsa, koʻrsatilgan belgini qoʻymasdan Qurʼada ishtirok etmagan holda Bronni rasmiylashtirishga yoki Tashkilotchining ofisida Odatiy narxda Bronni rasmiylashtirishga haqli.

13. MUROJAATLAR, PRETENZIYALAR VA NIZOLAR

13.1. Aksiya boʻyicha murojaatlar va pretenziyalar Tashkilotchiga Qoidalarning 16-boʻlimida koʻrsatilgan aloqa maʼlumotlari orqali yozma shaklda yoki elektron hujjat shaklida Telefon raqami va Bron raqamini koʻrsatgan holda yuboriladi.

13.2. Tashkilotchi murojaatni koʻrib chiqadi va u olingan kundan boshlab 15 (oʻn besh) ish kuni ichida asoslantirilgan javob yuboradi.

13.3. Nizolar muzokaralar yoʻli bilan, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq sudda hal etiladi.

14. AKSIYANI OʻZGARTIRISH, TOʻXTATIB TURISH VA TUGATISH

14.1. Tashkilotchi Saytda yangi tahrirni joylashtirish orqali Qoidalarni oʻzgartirishga haqli. Oʻzgartirishlar joylashtirilgan paytdan boshlab kuchga kiradi va ular joylashtirilgunga qadar Yutuq olgan Ishtirokchilarning holatini yomonlashtirmaydi. Limitni kamaytirish va Ishtirok davrini qisqartirishga faqat Qoidalarning 14.2-bandida nazarda tutilgan hollarda yoʻl qoʻyiladi.

14.2. Tashkilotchi yengib boʻlmaydigan kuch holatlari, vakolatli davlat organining qarori yoki Aksiyani davom ettirishning texnik imkoni boʻlmagan taqdirda Saytda xabar joylashtirib, Aksiyani toʻxtatib turishga yoki muddatidan oldin tugatishga haqli. Aksiya toʻxtatib turilgunga yoki tugatilgunga qadar olingan Yutuqlar Qoidalar shartlari asosida oʻz kuchini saqlab qoladi.

15. YAKUNIY QOIDALAR

15.1. Qoidalar davlat tilida, rus va ingliz tillarida joylashtiriladi. Matnlar oʻrtasida tafovut boʻlgan taqdirda Ishtirokchi uchun eng qulay boʻlgan talqin qoʻllaniladi.

15.2. Qoidalarning ayrim normasi haqiqiy emasligi qolgan normalarning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi.

15.3. Qoidalar Saytda joylashtirilgan paytdan boshlab kuchga kiradi.

16. TASHKILOTCHI (REKLAMA BERUVCHI) TOʻGʻRISIDA MAʼLUMOTLAR

Nomi: «CENTRUM HOLIDAYS» masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona («CENTRUM HOLIDAYS» XK MChJ)

Joylashgan manzili (pochta manzili): 100167, Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent sh., Mirobod tumani, Oybek koʻchasi, 38-uy

STIR: 306985922

Litsenziya: UT № 0023, 2026-yil 2-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan berilgan

Telefon / faks: +998 77 493 08 80

Umra boʻyicha call-markaz: +998 55 577 88 88

Elektron pochta: helpumrah@centrumholidays.com

Aksiya sayti: https://umra.centrum-air.com

© 2026 Centrum Holidays. Barcha huquqlar himoyalangan.