Bosh sahifa

OMMAVIY OFERTA

«Umra» ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomani tuzish haqida

Toshkent sh. «15» sentabr 2026 y. tahriri

1. UMUMIY QOIDALAR

1.1. Ushbu hujjat «CENTRUM HOLIDAYS» mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasining («CENTRUM HOLIDAYS» MChJ XK, keyingi o‘rinlarda «Kompaniya») quyida bayon etilgan shartlar asosida «Umra» ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzish haqidagi rasmiy ommaviy taklifi (keyingi o‘rinlarda «Oferta») hisoblanadi.

1.2. Kompaniya «Umra» safarlarini tashkil etish faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan berilgan, «Umra» safarlarini tashkil etish huquqini beruvchi 2026-yil 2-iyuldagi UT № 0023-sonli litsenziya asosida amalga oshiradi. Litsenziya to‘g‘risidagi ma’lumotlar, uning elektron tasviri, jumladan litsenziyada mavjud noyob QR-kod (matritsali shtrix-kod) Kompaniyaning rasmiy veb-saytida https://centrum-holidays.com/ manzilida ochiq tarzda joylashtirilgan.

1.4. «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati faqat litsenziyada ko‘rsatilgan manzillar bo‘yicha amalga oshiriladi. Bunday manzillar ro‘yxati Ofertaning 16-bobida keltirilgan.

1.5. Ofertaning huquqiy asosini O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 18-iyuldagi № O‘RQ-549 «Turizm to‘g‘risida»gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasining «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-oktabrdagi № 668-sonli «Umra» (kichik ziyorat) tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori, O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 26-apreldagi № 221-I «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida», 2022-yil 29-sentabrdagi № O‘RQ-792 «Elektron tijorat to‘g‘risida», 2004-yil 29-apreldagi № 611-II «Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida», 2019-yil 2-iyuldagi № O‘RQ-547 «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonunlari, shuningdek Saudiya Arabistoni Podshohligi vakolatli organlarining talablari tashkil etadi.

1.6. Oferta https://centrum-holidays.com saytida, uning subdomenlarida va Kompaniyaning mobil ilovasida (keyingi o‘rinlarda birgalikda «Platforma») «Umra» bo‘limida joylashtirilgan.

1.7. Kompaniya «Umra» ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xizmatlarni bevosita, turoperatorlar va turagentlarni vositachi sifatida jalb qilmasdan ko‘rsatadi. Shartnoma bevosita Mijoz va Kompaniya o‘rtasida tuziladi.

1.8. Mijoz tomonidan Platformada buyurtmani rasmiylashtirish va Ofertaning 6-bobida nazarda tutilgan tartibda to‘lovni kiritish Ofertaning aksepti hisoblanadi. Aksept Mijoz tomonidan Oferta shartlarining O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 370-moddasiga muvofiq to‘liq va so‘zsiz qabul qilinishini anglatadi. Aksept qilingan paytdan boshlab shartnoma elektron hujjat shaklida tuzilgan hisoblanadi va bu yozma shaklda tuzilgan shartnomaga teng kuchga ega deb e’tirof etiladi (O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 29-apreldagi № 611-II “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi Qonuni).

1.9. Oferta davlat (o‘zbek) tilida tuziladi hamda qo‘shimcha ravishda rus va boshqa tillarda bayon etiladi.

1.10. Kompaniya Platformada yangi tahrirni e’lon qilish yo‘li bilan Oferta shartlarini o‘zgartirishga haqli. Har bir buyurtmaga aksept paytida amalda bo‘lgan tahrir qo‘llaniladi. O‘zgartirishlar yangi tahrir kuchga kirgunga qadar to‘lov kiritilgan buyurtmalarga tatbiq etilmaydi.

2. ATAMALAR VA TA’RIFLAR

2.1. Platforma - https://centrum-holidays.com sayti, uning subdomenlari va Kompaniyaning mobil ilovasi.

2.2. Umra - Saudiya Arabistoni Podshohligidagi muqaddas qadamjolarga «Umra» vizasi bo‘yicha amalga oshiriladigan kichik ziyorat.

2.3. Ziyorat turi - «Umra» ziyoratini amalga oshirish uchun Kompaniya tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar majmui bo‘lib, havo tashuvi, Makka va Madinada joylashtirish, transferlar, guruh rahbarining hamrohligi, «Umra» vizasini rasmiylashtirishda ko‘maklashish, tibbiy sug‘urta va tegishli tur sahifasida ko‘rsatilgan boshqa xizmatlarni o‘z ichiga oladi.

2.4. Ziyoratchi (mijoz) - foydasiga ziyorat turi sotib olinayotgan jismoniy shaxs. Mijoz buyurtmalarni ham o‘z foydasiga, ham uchinchi shaxslar foydasiga rasmiylashtirishga haqli. «Ziyoratchi» atamasi foydasiga shartnoma tuzilgan uchinchi shaxslarni ham qamrab oladi.

2.5. Guruh rahbari - diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuzilgan shartnoma asosida ziyoratchilar guruhiga rahbar etib tayinlanadigan mutaxassis.

2.6. Hamkor tashkilot - Saudiya Arabistoni Podshohligida ro‘yxatdan o‘tgan va Kompaniya bilan tuzilgan shartnoma asosida ziyoratchilarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilot.

2.7. Yetkazib beruvchi - Hamkor tashkilot, tashuvchi, joylashtirish vositasi, sug‘urta tashkiloti va ziyorat turi tarkibiga kiruvchi xizmatni bevosita ko‘rsatuvchi boshqa shaxs.

2.8. «Umra» vizasi - «Umra» ziyoratini amalga oshirish uchun rasmiylashtiriladigan Saudiya Arabistoni Podshohligi vizasi.

2.9. Buyurtma - Mijoz tomonidan Platformada rasmiylashtirilgan, ziyorat turini sotib olishga doir so‘rov bo‘lib, unda turning tarkibi, muddatlari, qiymati va ziyoratchilarning ma’lumotlari ko‘rsatiladi.

2.10. Ziyoratchi uchun eslatma - Kompaniyaning axborot hujjati bo‘lib, Mijozga sayohat hujjatlari bilan birga yuboriladi.

3. SHARTNOMA PREDMETI

3.1. Kompaniya ziyoratchilarga xarid qilingan ziyorat safari tarkibiga kiruvchi xizmatlar majmuasini tashkil etish va ko‘rsatishni ta’minlash majburiyatini oladi, Mijoz esa uni Ofertada belgilangan tartibda va muddatlarda to‘lash majburiyatini oladi.

3.2. Ziyorat turining tarkibi, jumladan yo‘nalish va muddatlar, Makka va Madinadagi joylashtirish vositalari va ularning toifasi, ovqatlanish shartlari, tashuv shartlari, transferlar, guruh rahbarining hamrohligi, «Umra» vizasini rasmiylashtirishda ko‘maklashish va tibbiy sug‘urta tegishli tur sahifasida ko‘rsatiladi hamda buyurtmada qayd etiladi.

3.3. Kompaniya xizmatlarning ko‘rsatilishini mustaqil ravishda yoki Yetkazib beruvchilarni, jumladan Saudiya Arabistoni Podshohligidagi Hamkor tashkilotni jalb qilgan holda ta’minlaydi.

3.4. Havo tashuvi xizmatlari tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilgan aviakompaniya tomonidan ko‘rsatiladi. Havo tashuvi shartnomasi chipta rasmiylashtirilgan paytdan boshlab yo‘lovchi va tashuvchi o‘rtasida tuziladi. Har ikki yo‘nalish bo‘yicha aviachiptalar guruh jo‘nab ketishidan oldin rasmiylashtiriladi.

3.5. Kompaniya ziyoratchilarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuzilgan shartnoma asosida tayinlangan, zarur diniy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassisning hamrohlik qilishini ta’minlaydi. Bitta shunday mutaxassisga 50 nafardan ortiq bo‘lmagan ziyoratchi to‘g‘ri keladi. Mutaxassis o‘ziga yuklatilgan vazifalar doirasida «Umra» diniy marosimlariga rahbarlik qiladi.

4. «UMRA» XIZMATLARINI KO‘RSATISHNING MAXSUS SHARTLARI

4.1. «Umra» ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar voyaga yetmagan shaxslarga ko‘rsatilmaydi. Buyurtma faqat 18 yoshga to‘lgan shaxslar foydasiga rasmiylashtirilishi mumkin.

4.2. Safar faqat Saudiya Arabistoni Podshohligining vizasi bo‘yicha amalga oshiriladi.

4.3. Kompaniya guruh jo‘nab ketishigacha ziyoratchilarda joylashtirish vositalarining tasdiqlangan broni va har ikki yo‘nalish bo‘yicha rasmiylashtirilgan aviachiptalar mavjudligini ta’minlaydi.

4.4. Ziyoratchilar tur dasturiga rioya qilishi, guruh rahbarining ko‘rsatmalariga, Saudiya Arabistoni Podshohligi qonunchiligiga, ziyorat joylarida bo‘lish qoidalariga, tashqi ko‘rinish va xulq-atvorga doir talablarga, shuningdek «Umra» vizasida belgilangan kirish va chiqish muddatlariga amal qilishi shart.

4.5. Emlashga, vizaga hujjatlarni topshirish muddatlariga doir talablar, shuningdek Saudiya Arabistoni Podshohligi vakolatli organlarining boshqa talablari tegishli tur sahifasida e’lon qilinadi va shartnoma shartlari hisoblanadi. Mijoz ushbu talablarga rioya qilishi shart.

4.6. Agar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida yoki vakolatli organlarning talablarida ziyoratchi tomonidan ziyoratni amalga oshirish uchun kelishuv yoxud ruxsat olinishi nazarda tutilgan bo‘lsa, Kompaniya bu haqida Mijozni tur sahifasida xabardor qiladi va ularni olishda ko‘maklashadi.

4.7. Ziyoratchining guruhdan o‘zboshimchalik bilan ajralib ketishi, guruh rahbarining ko‘rsatmalarini bajarmasligi, shuningdek Saudiya Arabistoni Podshohligi qonunchiligi va u yerda bo‘lish qoidalarini buzishi Ofertaning 10-bobida nazarda tutilgan oqibatlarga olib keladi. Bunday harakatlar tufayli yuzaga kelgan xarajatlar Mijoz zimmasiga yuklatiladi.

4.8. Diniy marosimlarning davomiyligi va mazmuni, qadamjolarni ziyorat qilish tartibi, shuningdek ayrim obyektlarga kirish imkoniyati Saudiya Arabistoni Podshohligining vakolatli organlari tomonidan belgilanadi va Kompaniyaning nazoratida emas.

5. SHARTNOMA TUZILGUNGA QADAR TAQDIM ETILADIGAN MA’LUMOTLAR

5.1. To‘lov kiritilgunga qadar Kompaniya Mijozga Platformada quyidagi ma’lumotlarni taqdim etadi:

Kompaniyaning nomi va joylashgan o‘rni, ish vaqti, litsenziya raqami hamda murojaat va da’volarni qabul qilish tartibi;

ziyorat turining tarkibi va iste’mol xususiyatlari, bo‘lish dasturi, Makka va Madinadagi joylashtirish vositalari, ovqatlanish va tashuv shartlari;

turning qiymati, to‘lov tartibi va muddatlari;

shartnomani o‘zgartirish va bekor qilish shartlari, voz kechganda ushlab qolinadigan miqdorlar;

«Umra» vizasini rasmiylashtirishga doir talablar va zarur hujjatlar ro‘yxati;

tibbiy rasmiyatchiliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, jumladan emlash talablari hamda ayrim kasalliklar va jismoniy holat xususiyatlari mavjud bo‘lganda safarda ishtirok etishga doir monelilar;

safarni amalga oshirish uchun zarur hajmda bojxona, chegara va sanitariya qoidalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

5.2. Kompaniya Mijozning so‘roviga binoan unga vaqtincha tashrif buyurgan mamlakatiga kirish, undan chiqish va u yerda bo‘lish xususiyatlari, shuningdek tegishli vaqtincha tashrif buyurgan mamlakatidagi O‘zbekiston Respublikasining diplomatik va konsullik muassasalari joylashgan o‘rni hamda aloqa telefonlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etadi.

5.3. Kompaniyaning litsenziyasi va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Platformada Ofertaning 1.2-bandida nazarda tutilgan tartibda joylashtiriladi.

6. NARX, TO‘LOV TARTIBI VA JOYNI BRON QILISH

6.1. Narxlar O‘zbekiston Respublikasi so‘mida belgilanadi. Mijozning qulayligi uchun Platformada qiymatning xorijiy valyutadagi ekvivalenti ko‘rsatilishi mumkin. Tomonlar uchun majburiy bo‘lgan narx so‘mda ifodalangan qiymat hisoblanadi.

6.2. Buyurtmaning yakuniy qiymati, jumladan barcha majburiy yig‘imlar Mijozga to‘lov kiritilgunga qadar ko‘rsatiladi.

6.3. Joyni bron qilish. Guruhdagi joy Mijoz tomonidan ziyorat safari narxining kamida 30 foizi miqdorida Platforma orqali to‘lov amalga oshirilganda band qilinadi. Ushbu to‘lov kelib tushgan paytdan boshlab shartnoma tuzilgan va guruhdagi joy ziyoratchiga biriktirilgan hisoblanadi.

6.4. Qoldiqni to‘lash. Qiymatning qolgan qismi Mijoz tomonidan uchish sanasiga kamida 10 (o‘n) kalendar kun qolganda kiritiladi. Mijoz qoldiqni Platforma orqali yoki Ofertaning 16-bobida ko‘rsatilgan manzillar bo‘yicha Kompaniya ofisida to‘lashga haqli.

6.5. Agar uchish sanasiga 10 (o‘n) kalendar kundan kam vaqt qolgan bo‘lsa, ziyorat turi qiymati buyurtma rasmiylashtirilayotgan paytda 100 foiz miqdorida to‘lanadi.

6.6. Qiymatning qoldig‘i 6.4-bandda belgilangan muddatda kiritilmagan taqdirda Kompaniya bronni bekor qilishga haqli. Bunday holda ushlab qolish Ofertaning 9-bobida nazarda tutilgan tartibda, bekor qilish sanasidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

6.7. To‘liq to‘lovdan keyin ziyorat turining qiymati yakuniy hisoblanadi va o‘zgartirilmaydi. Ziyorat turi to‘liq to‘langanidan keyin Mijoz tomonidan buyurtma qilingan qo‘shimcha xizmatlar alohida to‘lanadi.

6.8. To‘lov Platformada mavjud usullar bilan amalga oshiriladi: UZCARD, HUMO, Visa, Mastercard bank kartalari, hamkorlarning to‘lov servislari orqali, shuningdek Kompaniya ofisida. To‘lov majburiyati to‘lov tizimi tomonidan to‘lov tasdiqlangan va mablag‘lar Kompaniya hisobiga o‘tkazilgan paytdan boshlab bajarilgan hisoblanadi.

6.9. Bank kartasi rekvizitlari ekvayer-bank yoki to‘lov tashkilotining himoyalangan sahifasida kiritiladi. Kompaniya kartaning to‘liq raqamini, amal qilish muddatini va CVV yoki CVC kodini olmaydi, ularga ishlov bermaydi va saqlamaydi. To‘lovlarga ishlov berish to‘lov kartalari sanoati ma’lumotlari xavfsizligi standarti (PCI DSS) talablariga javob beradigan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi, har bir operatsiya karta egasi tomonidan 3-D Secure texnologiyasi bo‘yicha tasdiqlanadi.

6.10. Firibgarlik operatsiyalarining oldini olish maqsadida Kompaniya Mijozdan shaxsini yoki to‘lov vositasidan foydalanish qonuniyligini tasdiqlashni so‘rashga hamda tekshiruv yakunlangunga qadar buyurtmani rasmiylashtirishni to‘xtatib turishga haqli. Oqilona muddatda tasdiq taqdim etilmasa, buyurtma bekor qilinadi va to‘langan mablag‘lar to‘lov amalga oshirilgan to‘lov vositasiga qaytariladi.

6.11. Platforma orqali kiritilgan pul mablag‘lari to‘lovda foydalanilgan to‘lov vositasiga qaytariladi. Kompaniya ofisida kiritilgan summalar to‘lov amalga oshirilgan shaklda qaytariladi, agar tomonlar boshqacha kelishmagan bo‘lsa.

6.12. Mijoz xizmatlar uchun faqat o‘zining to‘lov vositasi yoki egasi foydalanishga ruxsat bergan to‘lov vositasi bilan to‘lash hamda SMS va push-bildirishnomalardagi bir martalik kodlarni, PIN-kodni va CVV yoki CVC kodini uchinchi shaxslarga aytmaslik majburiyatini oladi. Kompaniya va bank hech qachon bu ma’lumotlarni so‘ramaydi.

7. BUYURTMANI RASMIYLASHTIRISH TARTIBI VA HUJJATLAR

7.1. Buyurtmani rasmiylashtirish uchun Mijoz ziyorat turini tanlaydi, o‘zining va ziyoratchilarning ishonchli ma’lumotlarini ko‘rsatadi, Oferta shartlari va buyurtmaning muhim shartlari bilan tanishganligini tasdiqlaydi hamda Ofertaning 6-bobiga muvofiq to‘lovni kiritadi.

7.2. Mijozning Platformadagi ma’lumotlari va harakatlari, agar ular telefon raqami, elektron pochta manzili, shaxsiy kabinet, bir martalik kod yoxud Kompaniya qo‘llaydigan boshqa tasdiqlash usuli yordamida identifikatsiya qilinganidan keyin amalga oshirilgan bo‘lsa, Mijozning elektron harakatlari deb e’tirof etiladi va Shartnomaning tuzilganligi hamda bajarilganligining dalili sifatida foydalanilishi mumkin. Kompaniya Buyurtma rasmiylashtirilgan sana va vaqtni, Buyurtma mazmunini, rozilik tasdiqlangani faktini va Mijoz tomonidan qabul qilingan Oferta tahririni qayd etadi. Mijoz o‘zining shaxsiy kabinetiga yoki aloqa ma’lumotlariga g‘ayriqonuniy kirish haqida Kompaniyani zudlik bilan xabardor qilishi shart.

7.3. Mijoz «Umra» vizasini rasmiylashtirish va xizmatlarni bron qilish uchun zarur hujjatlarni Kompaniyaga tur sahifasida ko‘rsatilgan muddatlarda taqdim etishi shart. Hujjatlarning belgilangan muddatda taqdim etilmasligi Mijozning turdan voz kechishiga tenglashtiriladi va Ofertaning 9-bobida nazarda tutilgan oqibatlarga olib keladi.

7.4. To‘lov va bron tasdiqlangandan so‘ng Kompaniya Mijozning elektron pochta manziliga va Platformadagi shaxsiy kabinetiga vaucherni, elektron chiptaning marshrut kvitansiyasini, sug‘urta polisini, Ziyoratchi uchun eslatmani, guruh rahbari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni va fiskal chekni yuboradi.

7.5. Safarni amalga oshirish uchun zarur hujjatlar Mijozga elektron shaklda safar boshlanishiga kamida 24 soat qolganda topshiriladi.

7.6. Mijoz olingan hujjatlarni zudlik bilan tekshirishi shart. Buyurtmani rasmiylashtirishda Mijoz tomonidan yo‘l qo‘yilgan familiya, ism va pasport ma’lumotlaridagi xatolar Yetkazib beruvchilar tomonidan qayta rasmiylashtirish uchun yig‘im undirilishiga, «Umra» vizasini berishdan bosh tortilishiga yoxud safarni amalga oshirish imkonsizligiga olib kelishi mumkin. Bunday oqibatlar Mijoz zimmasiga yuklanadi.

7.7. Buyurtmani uchinchi shaxslar foydasiga rasmiylashtirar ekan, Mijoz o‘zida zarur vakolatlar va bu shaxslarning roziligi, jumladan shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishga roziligi mavjudligini tasdiqlaydi hamda ularga shartnoma shartlarini va Kompaniyadan olingan ma’lumotni yetkazish majburiyatini oladi. Mijoz bunday uchinchi shaxslar tomonidan ushbu Oferta shartlariga rioya etilishini ta’minlaydi.

7.8. Mijoz ziyoratchida Saudiya Arabistoni Podshohligi talablariga javob beradigan amal qilish muddatiga ega chet el pasporti mavjudligini, shuningdek kirish uchun belgilangan tibbiy talablarga rioya etilishini ta’minlashi shart.

8. SHARTNOMANING IJROSI. TOMONLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

8.1. Kompaniya ziyoratchilarga ziyorat turi tarkibiga kiruvchi xizmatlarning ko‘rsatilishini ta’minlash, ziyoratni amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratish, jumladan joylashtirish va sug‘urta shartnomasida nazarda tutilgan hajmda tibbiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash, safarni tashkil etish to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berish hamda ayrim xizmatlarning ko‘rsatilishiga to‘sqinlik qiluvchi holatlar haqida Mijozni xabardor qilish majburiyatini oladi.

8.2. Safarning davomiyligi va marshrutini, xizmat ko‘rsatish shartlarini va transport xizmati turini o‘zgartirish Mijozning (ziyoratchining) roziligi bilan amalga oshiriladi.

8.3. Kompaniya joylashtirish vositasini o‘sha shaharning o‘zida teng qiymatli yoki yuqoriroq toifadagisiga Mijoz tomonidan qo‘shimcha to‘lovsiz almashtirishga haqli, bu haqda uni taqdim etilgan aloqa ma’lumotlari orqali xabardor qilgan holda.

8.4. Guruhni shakllantirish uchun zarur bo‘lgan Ziyoratchilar soni to‘lmagan taqdirda Kompaniya Shartnomani bajarishdan voz kechishga haqli, bu haqda Mijozni tur boshlanishiga kamida 20 kalendar kun qolganda xabardor qilgan holda. Bunday holda Kompaniya Mijozning tanloviga ko‘ra kiritilgan summani boshqa ziyorat turiga ko‘chirishni taklif etadi yoxud to‘langan summalarni 10 ish kuni ichida to‘liq qaytaradi. Yengib bo‘lmas kuch holatlari tufayli Shartnomaning bekor qilinishi va bunday holdagi o‘zaro hisob-kitoblar faqat ushbu Ofertaning 12-bobi bilan tartibga solinadi.

8.5. Uchish va qo‘nish vaqti tashuvchi tomonidan belgilanadi va u tomonidan o‘zgartirilishi mumkin. Bunday o‘zgarishlar Kompaniya tomonidan ziyorat turining o‘zgartirilishi hisoblanmaydi. Kompaniya o‘ziga ma’lum bo‘lgan jadval o‘zgarishlari haqida Mijozni taqdim etilgan aloqa ma’lumotlari orqali xabardor qiladi.

8.6. Mehmonxonaga joylashish va xonani bo‘shatish tegishli joylashtirish vositasi belgilagan hisob-kitob vaqtida amalga oshiriladi. Joylashish va chiqish vaqti to‘g‘risidagi ma’lumot ziyorat turi tavsifida, vaucherda yoki boshqa tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatiladi. Joylashtirish qiymati yashash kechalari soniga qarab hisoblanadi; kelish yoki ketish kunidan to‘liq foydalanmaslik qiymatni qayta hisoblash uchun asos bo‘lmaydi. Erta joylashish va kech chiqish, agar ular ziyorat turi tarkibiga alohida kiritilmagan bo‘lsa, kafolatlanmaydi va joylashtirish vositasining tariflari bo‘yicha qo‘shimcha to‘lanishi mumkin.

8.7. Safarning boshlanishi va tugashi tegishli reyslarning uchish sanalari bilan belgilanadi. Joylashtirish xizmatini ko‘rsatish muddatlari soat va daqiqalarda hisoblanmaydi.

8.8. Makka va Madinadagi joylashtirish vositalarining toifasi va xizmat ko‘rsatish darajasi Saudiya Arabistoni Podshohligining vakolatli organlari tomonidan rasman belgilangan yoki Yetkazib beruvchining o‘zi e’lon qilgan tasniflashga muvofiq aniqlanadi.

8.9. Mijoz (ziyoratchi) o‘z mol-mulki va hujjatlariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi, shuningdek joylashtirish vositasi, tashuvchi yoki uchinchi shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplashi shart.

8.10. Mijoz o‘z aloqa ma’lumotlari o‘zgargan kundan boshlab 5 (besh) kalendar kun ichida bu haqda Kompaniyani xabardor qilish majburiyatini oladi.

9. SHARTNOMANI O‘ZGARTIRISH VA BEKOR QILISH. QAYTARISHLAR

9.1. Mijoz ziyorat turidan u ko‘rsatila boshlangunga qadar voz kechishga haqli bo‘lib, bu haqda Platforma, Kompaniyaning qo‘llab-quvvatlash xizmati orqali yoki Kompaniya ofisida bildirishnoma yuboradi. Mijozning bildirishnomasi Kompaniya tomonidan olingan sana voz kechish sanasi hisoblanadi. Shartnomani bajarish uchun zarur hujjatlar yoki ma’lumotlarni Mijoz belgilangan muddatlarda taqdim etmasligi, agar bu ijroni imkonsiz qilsa, ham voz kechish hisoblanadi.

9.2. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 707-moddasiga muvofiq buyurtmachi xizmatlarning belgilangan bahosini batamom to‘lash sharti bilan haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli. Kompaniya Mijoz uchun Ofertaning 9.3, 9.4 va 9.5-bandlarida nazarda tutilgan yengilroq shartlarni belgilaydi.

9.3. Agar ziyorat turi sahifasida va ushbu shartnomada boshqacha ko‘rsatilmagan bo‘lsa, Mijoz voz kechganda tur qiymatidan quyidagi miqdorlarda ushlab qolinadi:

Uchish sanasiga qadar voz kechish muddatiUshlab qolish miqdori
21 va undan ortiq kalendar kun qolgandaushlab qolinmaydi, 9.4 va 9.5-bandlarda ko‘rsatilgan summalar bundan mustasno
15 kundan 20 kungacha30%
10 kundan 14 kungacha50%
10 kundan kam qolganda100%

9.4. Agar Yetkazib beruvchilarning hujjatlar bilan tasdiqlangan qaytarilmaydigan xarajatlari 9.3-band bo‘yicha ushlab qolish miqdoridan oshsa, bunday xarajatlarning haqiqiy summasi ushlab qolinadi, lekin tur qiymatidan ortiq bo‘lmagan miqdorda. Bu xarajatlar 9.3-banddagi foizga alohida qo‘shilmaydi.

9.5. Agar voz kechish sanasida «Umra» vizasi allaqachon rasmiylashtirilgan, Hamkor tashkilotning qaytarilmaydigan xizmatlari to‘langan yoxud aviachiptalar qaytarilmaydigan tarif bo‘yicha rasmiylashtirilgan bo‘lsa, bunday xarajatlarning haqiqiy summasi ushlab qolinadi, bu summa tur qiymatining 100 foizigacha bo‘lishi, jumladan 9.3-bandda ko‘rsatilgan ushlab qolish miqdorlaridan oshishi mumkin.

9.6. Saudiya Arabistoni Podshohligi vakolatli organlarining «Umra» vizasini berishdan bosh tortishi, Mijozga (ziyoratchiga) bog‘liq holatlar bo‘yicha kirishga yoki chiqishga ruxsat berilmasligi, jumladan pasport va boshqa hujjatlarning yo‘qligi yoki haqiqiy emasligi, shuningdek Mijoz tomonidan hujjatlarning belgilangan muddatlarda taqdim etilmasligi Kompaniya tomonidan shartnomaning buzilishi hisoblanmaydi. Bunday hollarda qaytarish 9.3, 9.4 va 9.5-bandlarda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

9.7. Qaytarish va qaytarilmaslik shartlari Mijozga to‘lov kiritilgunga qadar ziyorat turi sahifasida va buyurtmani rasmiylashtirishda yetkaziladi. To‘lovning kiritilishi Mijozning bunday shartlar bilan tanishganligini va roziligini tasdiqlaydi.

9.8. Mijozning yozma murojaatiga binoan Kompaniya ushlab qolingan summaning hisob-kitobini ushlab qolish asoslarini ko‘rsatgan holda taqdim etadi.

9.9. Qaytariladigan summa qaytarish miqdori aniqlangan, ya’ni Kompaniya Yetkazib beruvchilardan tasdiqlarni olgan paytdan boshlab 10 (o‘n) ish kuni ichida o‘tkaziladi. Mablag‘larning haqiqatda hisobga olinishi muddatlari banklar va to‘lov tizimlariga bog‘liq.

9.10. Buyurtma parametrlarini Mijozning tashabbusi bilan o‘zgartirish Yetkazib beruvchilarda shunday imkoniyat mavjud bo‘lganda, Mijoz tomonidan Yetkazib beruvchilar yig‘imlari, qiymat farqi va Kompaniya yig‘imlari to‘langan holda amalga oshiriladi. Kompaniya yig‘imlarining amaldagi miqdorlari Platformada e’lon qilinadi. Ushbu tahrir tasdiqlangan sanada ular quyidagicha:

familiya, ism, tug‘ilgan sana yoki pasport ma’lumotlarini to‘g‘rilash: bir ziyoratchi uchun 350 000 (uch yuz ellik ming) so‘m;

bron tasdiqlangan holda ziyoratchini almashtirish: bir ziyoratchi uchun 1 500 000 (bir million besh yuz ming) so‘m.

Rasmiylashtirilgan aviachiptalardagi ma’lumotlarni to‘g‘rilash qo‘shimcha ravishda tashuvchining tariflari bo‘yicha to‘lanadi. Ziyoratchini almashtirishga faqat «Umra» vizasini qayta rasmiylashtirish imkoniyati mavjud bo‘lganda va bunday almashtirish Hamkor tashkilot hamda tashuvchi tomonidan tasdiqlanganda yo‘l qo‘yiladi.

9.11. Kompaniya to‘lov amalga oshirilmaganda, hujjatlar taqdim etilmaganda yoxud ular ishonchli bo‘lmaganda yoki Ziyoratchi majburiy talablarga javob bermaganda Buyurtmani bekor qilishga haqli. Agar buzilishni bartaraf etish mumkin bo‘lsa, Mijozga oqilona muddat beriladi. Qaytarish 9.3-9.5-bandlar bo‘yicha amalga oshiriladi. To‘lov tasdiqlanmagan taqdirda mablag‘lar foydalanilgan to‘lov vositasiga qaytariladi.

9.12. Tomonlarning har biri shartnoma tuzilayotganda asos qilib olingan holatlarning jiddiy o‘zgarishi munosabati bilan shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilishni fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda talab qilishga haqli.

10. TOMONLARNING JAVOBGARLIGI

10.1. Kompaniya ziyorat turi tarkibiga kiruvchi xizmatlarning ko‘rsatilmagani yoki lozim darajada ko‘rsatilmagani uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgar bo‘ladi, bunda bajarilmaslik Mijozning (ziyoratchining) harakatlari yoki harakatsizligi, na Kompaniya, na Yetkazib beruvchilar javob bermaydigan uchinchi shaxslarning harakatlari yoxud yengib bo‘lmas kuch holatlari tufayli yuz bergan holatlar bundan mustasno.

10.2. Havo tashuvining bajarilishi uchun javobgarlikni O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksi va amaldagi xalqaro shartnomalarda belgilangan doirada Tashuvchi javobgar bo‘ladi. Tashuv bilan bog‘liq talablar, jumladan reysning o‘zgarishi, bekor qilinishi va kechikishi, bagajning yo‘qolishi va shikastlanishi bo‘yicha talablar tashuv shartlari va qonunchilikda belgilangan tartibda hamda muddatlarda tashuvchiga qo‘yiladi. Ismli aviachipta yoki elektron chipta va sug‘urta polisi Mijoz tomonidan tegishli tashkilot bilan shartnoma tuzilganligini tasdiqlaydi. Kompaniya Mijozga bunday talablarni rasmiylashtirishda ko‘maklashadi.

10.3. Kompaniya quyidagilar uchun javobgar bo‘lmaydi:

O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligining konsullik, chegara, bojxona, migratsiya va boshqa davlat organlarining qarorlari, jumladan viza berishdan bosh tortish, reysdan olib tashlash va safarga qo‘ymaslik;

ayrim qadamjolarga, jumladan Ravzaga kirishning cheklanishi yoki yopilishi, shuningdek Saudiya Arabistoni Podshohligi vakolatli organlarining ularni ziyorat qilishga ruxsat berishdan bosh tortishi va bunday qarorlarning oqibatlari;

Mijoz tomonidan noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumot taqdim etilishi oqibatlari, shuningdek Mijoz (ziyoratchi) hujjatlarining haqiqiyligi, to‘g‘riligi va amal qilish muddati;

ziyoratchining xizmatlar ko‘rsatila boshlanishiga, reysga ro‘yxatdan o‘tishga kechikishi yoki guruhdan ortda qolishi, shuningdek bu bilan bog‘liq xarajatlar;

ziyoratchi tomonidan Saudiya Arabistoni Podshohligi qonunchiligi, ziyorat joylarida bo‘lish qoidalari, bojxona va chegara qoidalarining buzilishi oqibatlari;

ziyorat turi tarkibiga kiruvchi, biroq ziyoratchi tashabbusi bilan talab qilinmagan xizmatlar. Bunday xizmatlarning qiymati qoplanmaydi;

Mijoz tomonidan bo‘lish mamlakatida uchinchi shaxslardan mustaqil ravishda buyurtma qilingan qo‘shimcha xizmatlarning sifati.

10.4. Bevosita ziyoratchining o‘zida bo‘lgan shaxsiy buyumlar, qimmatbaho narsalar va hujjatlarning saqlanishi uchun ziyoratchi javobgar bo‘ladi. Mol-mulk joylashtirish vositasiga yoki tashuvchiga saqlashga topshirilganda javobgarlikni qo‘llaniladigan qonunchilikka muvofiq tegishli tashkilot zimmasiga oladi.

10.5. Mijoz Kompaniyaga Mijozning (ziyoratchining) harakatlari tufayli yetkazilgan, hujjatlar bilan tasdiqlangan zararni, jumladan ziyoratchi tomonidan Yetkazib beruvchilar qoidalari, tashuv qoidalari yoki bo‘lish mamlakati qonunchiligining buzilishi oqibatida uchinchi shaxslar tomonidan Kompaniyaga qo‘yilgan xarajatlarni qoplaydi.

10.6. Agar havo kemasi bortida bo‘lgan vaqtda ziyoratchi parvoz xavfsizligiga tahdid soluvchi harakatlarni sodir etsa yoki ekipaj talablarini bajarmasa, xavfsizlik choralarini qo‘llash bilan bog‘liq xarajatlar, jumladan rejalashtirilmagan qo‘nish xarajatlari qonunchilik va tashuvchining qoidalariga muvofiq Mijoz zimmasiga yuklatiladi.

10.7. Tomonlar majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgar bo‘ladilar. Mijozning iste’molchi sifatidagi qonunchilikda belgilangan huquqlari, jumladan xizmat kamchiliklarini bepul bartaraf etishni, uning bahosini mutanosib ravishda kamaytirishni, xizmatni qaytadan ko‘rsatishni yoxud shartnomani bekor qilib zararni qoplashni talab qilish huquqi ushbu Oferta bilan cheklanmaydi.

11. NIZOLARNI HAL ETISH

11.1. Ushbu Ofertani bajarish bilan bog‘liq barcha nizolar va kelishmovchiliklarni Tomonlar tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga intiladilar. Kelishuvga erishishning imkoni bo‘lmaganda majburiy tartibda sudgacha bo‘lgan talabnoma (e’tiroz) tartibi qo‘llaniladi.

11.2. Ko‘rsatilgan xizmatlar sifati bo‘yicha e’tirozlar Kompaniyaga yozma shaklda yoki tasdiqlovchi hujjatlarni majburiy ravishda ilova qilgan holda info@centrum-holidays.com elektron pochta manziliga elektron hujjat shaklida yuboriladi. Bunday e’tirozni yuborishning tavsiya etilgan muddati sayohat tugagan sanadan boshlab 20 (yigirma) kalendar kunni tashkil etadi.

11.3. Kompaniya Mijozdan olingan e’tirozni ko‘rib chiqishi va uni olgan kundan boshlab 15 (o‘n besh) ish kuni ichida yozma asoslangan javob yuborishi shart.

11.4. Agar Kompaniya qaror qabul qilishi uchun Yetkazib beruvchilardan, jumladan Saudiya Arabistoni Podshohligidagi Hamkor tashkilotdan qo‘shimcha ma’lumotlar olish talab etilsa, talabnomani ko‘rib chiqish muddati Mijozni oldindan xabardor qilgan holda, jami 30 (o‘ttiz) kundan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.

11.5 Talabnoma bo‘yicha kelishuvga erishilmaganda, belgilangan muddatlarda javob olinmagan yoki talabnoma rad etilgan taqdirda, nizo O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq sud tartibida hal etilishi lozim.

12. YENGIB BO‘LMAS KUCH HOLATLARI

12.1. Tomonlar majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlikdan ozod etiladi, agar bu yengib bo‘lmas kuch holatlari tufayli yuz bergan bo‘lsa: tabiiy ofatlar, epidemiya va pandemiyalar, karantin joriy etilishi, harbiy harakatlar, terrorchilik harakatlari, ommaviy tartibsizliklar, O‘zbekiston Respublikasi yoki Saudiya Arabistoni Podshohligi hokimiyat organlarining hujjatlari va qarorlari, jumladan ziyoratchilarni qabul qilishning to‘xtatilishi, chegaralar va havo bo‘shlig‘ining yopilishi, kirish va chiqishga cheklovlar joriy etilishi, shuningdek tomonlarning oqilona nazoratidan tashqaridagi boshqa favqulodda va oldini olib bo‘lmaydigan holatlar.

12.2. Yengib bo‘lmas kuch holatlarida Kompaniya safarni ko‘chirishni yoki xizmatlarni almashtirishni taklif etadi. Agar ijro imkonsiz bo‘lsa yoxud Mijoz rozi bo‘lmasa, to‘langan summa Yetkazib beruvchilarning hujjatlar bilan tasdiqlangan qaytarilmaydigan xarajatlari chegirilgan holda qaytariladi. Kompaniyaning ko‘rsatilmagan o‘z xizmatlari qiymati to‘liq qaytariladi.

12.3. Yengib bo‘lmas kuch holatlarining yuz berishi tufayli yuzaga kelgan va to‘langan ziyorat turi tarkibiga kirmaydigan Mijozning bilvosita xarajatlari Kompaniya tomonidan qoplanmaydi.

12.4. Majburiyatlarni bajarish imkonsiz bo‘lib qolgan tomon bu haqda ikkinchi tomonni zudlik bilan xabardor qilishi shart.

13. SHAXSGA DOIR MA’LUMOTLAR

13.1. Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga va Mijozga buyurtmani rasmiylashtirishdan oldin taqdim etiladigan Maxfiylik siyosatiga muvofiq amalga oshiriladi.

13.2. Aksept qilar ekan, Mijoz Maxfiylik siyosati bilan tanishganligini tasdiqlaydi va shartnomani tuzish hamda bajarish maqsadida o‘zining va ma’lumotlarini taqdim etayotgan ziyoratchilarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishga rozilik beradi, jumladan ma’lumotlarni Yetkazib beruvchilarga, Saudiya Arabistoni Podshohligidagi Hamkor tashkilotga, tashuvchilarga, joylashtirish vositalariga, sug‘urta va to‘lov tashkilotlariga, shuningdek «Umra» vizasini rasmiylashtirish va xizmatlar ko‘rsatish uchun zarur hajmda O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligining vakolatli organlariga uzatishga, shu jumladan transchegaraviy uzatishga rozilik beradi.

13.3. Mijoz Kompaniyaga taqdim etayotgan shaxsga doir ma’lumotlari uchinchi shaxslarning ushbu maqsadlarda ularga ishlov berishga roziligini olganligini kafolatlaydi.

14. YAKUNIY QOIDALAR

14.1. Kompaniya tomonidan Mijozning buyurtmani rasmiylashtirishda ko‘rsatilgan elektron pochta manziliga va Platformadagi shaxsiy kabinetiga yuborilgan bildirishnomalar va hujjatlar lozim darajada yetkazilgan hisoblanadi.

14.2. Platforma mazmuni, jumladan matnlar, tavsiflar, fotosuratlar, takliflar ma’lumotlar bazasi, dizayn va dasturiy ta’minot elementlari intellektual mulk to‘g‘risidagi qonunchilik bilan qo‘riqlanadi. Platforma ma’lumotlarini avtomatlashtirilgan yig‘ish va uning mazmunidan Kompaniyaning yozma roziligisiz tijorat maqsadlarida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

14.3. Ofertaning ayrim qoidalarining haqiqiy emasligi Ofertaning umuman haqiqiy emasligiga olib kelmaydi.

14.4. Oferta bilan tartibga solinmagan barcha masalalarda tomonlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga amal qiladilar.

14.5. Oferta Platformada joylashtirilgan paytdan kuchga kiradi va u qaytarib olingunga yoki yangi tahrir bilan almashtirilgunga qadar amal qiladi.

15. KOMPANIYA REKVIZITLARI

«CENTRUM HOLIDAYS» mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasi («CENTRUM HOLIDAYS» MChJ XK)

Yuridik manzil: O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent sh., Mirobod tumani, Oybek ko‘chasi, 38

STIR: 306985922

Hisob raqami: 2020 8000 2051 6295 3002, «KDB Bank Uzbekistan» AJ, MFO: 00842

«Umra» safarlarini tashkil etish litsenziyasi: UT № 0023, 02.07.2026, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan berilgan

Ish vaqti: dushanba - juma, soat 09:00 dan 18:00 gacha

Umra bo‘yicha call-markaz telefoni: +998 55 577 88 88

Murojaat va da’volar uchun elektron pochta: helpumrah@centrumholidays.com

Sayt: https://umra.centrum-air.com

16. LITSENZIYA BO‘YICHA FAOLIYAT AMALGA OSHIRILADIGAN MANZILLAR

«Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati litsenziyada ko‘rsatilgan quyidagi manzillar bo‘yicha amalga oshiriladi:

1. Toshkent sh., Mirobod tumani, Oybek ko‘chasi, 38-uy (bosh ofis);

2. Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon sh., Mustaqillik ko‘chasi, 235A-uy (filial);

3. Samarqand viloyati, Samarqand sh., Amir Temur ko‘chasi, 154-uy (filial);

4. Surxondaryo viloyati, Denov tumani, Guliston ko‘chasi, 247-uy (filial);

5. Andijon viloyati, Andijon sh., Boburshox ko‘chasi, 38/G-uy (filial);

6. Xorazm viloyati, Urganch sh., Samarqand ko‘chasi, 91-uy, 26-xonadon (filial).

© 2026 Centrum Holidays. Barcha huquqlar himoyalangan.